Germaniyaning Toshkentdagi Elchixonasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborgan. Unda joriy yil aprel-may oylarida nemis tilidan notiqlik san’ati tanlovini o‘tkazish haqida ma’lumot taqdim etilgan.
Vazirlik tanlovda O‘zbekiston OTMlari talabalari ishtirok etishi yuzasidan e’tiroz bildirmaydi. O‘ylaymizki, mazkur tanlovning o‘tkazilishi respublika oliy o‘quv yurtlarida chet tillarni o‘rganish tizimini takomillashtirishdan ko‘zlangan maqsad va vazifalarga javob beradi hamda talabalarning chet tillarini chuqur o‘rganishiga, shuningdek, o‘qituvchilar malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Tanlov ishtirokchilarning Toshkentga kelishi turar joyi va ovqatlanishi bilan bog‘liq xarajatlar Elchixona tomonidan qoplanadi. Nemis tomoni tanlovni ikki bosqichda o‘tkazishni rejalashtirmoqda:
1-bosqich joriy yil 16-aprel kuni to‘g‘ridan-to‘g‘ri OTMda bo‘lib o‘tadi.
2-bosqich joriy yil 3-may kuni Germaniyaning Toshkentdagi Elchixonasi binosida yoki onlayn formatda bo‘lib o‘tadi.
Ushbu bosqichda har bir OTMdan dastlabki bosqich g‘olibi taklif qilinadi. Tanlov ishtirokchilari uchun quyidagi mavzular taklif etiladi: - “2022-yilda Germaniya O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlamoqda. Kelgusi 30 yil ichida bu munosabatlarni qanday tasavvur qilasiz?” “Diplomatiya san’ati nima bilan ajralib turadi? Diplomatiya tinch-totuv yashashga qanday ta'sir qiladi?” - “Hozirgi kunda yosh avlodning qanday muammolari mavjud? Ularni hal qilishning qanday usullarini ko‘rmoqdasiz?” - “Ijtimoiy tarmoqlar siz uchun qanchalik muhim? Ularning ijobiy va salbiy tomonlari nimadan iborat? Ijtimoiy tarmoqlar kelajagini va ularning jamiyat hayotiga ta’sirini qanday ko’rasiz?”